Farg‘ona Davlat Universitetida talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali o‘tkazish, ularning dunyoqarashini kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy do‘stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida navbatdagi amaliy safar tashkil etildi.
Mazkur tashrif doirasida universitet talabalari Qirg‘iziston Respublikasining go‘zal va tarixiy maskanlaridan biri – Qora-qoy turistik hududiga tashrif buyurishdi. Sayohatda asosan Tarix fakulteti talabalari, shuningdek, magistratura bo‘limining professor-o‘qituvchilari hamda iqtidorli magistrantlar faol ishtirok etishdi.
Mintaqalararo madaniy va do‘stlik aloqalarini mustahkamlash hamda talabalarning tarixiy-madaniy bilimlarini amaliyot bilan boyitish maqsadida amalga oshirilgan ushbu sayohat davomida talabalar nafaqat go‘zal manzarali tog‘li hududlar bilan tanishishdi, balki ular uchun "Do‘stlik va ijtimoiy munosabatlar" mavzusida interaktiv trening ham tashkil etildi. Treningni universitetning malakali professor-o‘qituvchilari olib bordilar. Unda talabalar faol ishtirok etishdi, guruhli muhokamalar, rolli o‘yinlar, hamkorlikdagi fikr almashuvlar orqali o‘zlarining fikrlash, tushunish va ifoda qilish qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Mazkur tashrif talabalar uchun katta taassurot va hayajon bilan yakunlandi. Ular bu kabi sayohatlar nafaqat bilim, balki hayotiy tajriba, muloqot va do‘stlikni mustahkamlovchi vosita ekanini e’tirof etdilar.
“Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasidagi bunday tashabbuslar yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, ularni ijtimoiy faollikka undash va o‘z salohiyatlarini namoyon etish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.