Farg‘ona davlat universiteti uchun yangi o‘quv yili – yangi g‘oya va rejalarning boshlanishidir. Shu maqsadda, oliygohda yangi 2025/2026 o‘quv yilining ochilish marosimi katta tantana va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Bugun, Respublika bo‘ylab oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga start berilmoqda. Ana shunday qutlug‘ kunlarda mamlakatimiz kelajagi bo‘lmish yoshlar uchun tashkil etilayotgan bunday tadbirlar ularning qalbida faxr va g‘ururni, Vatan va millat oldidagi mas’uliyatni yanada mustahkamlamoqda.
Farg‘ona davlat universitetida ham “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Talabalikka bag’ishlov” tadbirlari o‘ziga xos ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Tadbirda universitet rahbariyati, faxriy professor-o‘qituvchilar, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar hamda san’atkorlar ishtirok etdi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqan professor-o‘qituvchilar, faxriy ustozlar va san’atkorlar yoshlarga yangi bilimlar sari dadil qadam tashlashni, o‘qishda yuksak marralarni zabt etishni tiladilar. Ular mustaqillik yillarida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib, FarDU bugun nafaqat Farg‘ona vodiysida, balki butun mamlakatimizda yirik ilmiy-ma’rifiy markazga aylanganini alohida ta’kidladilar.
Tadbir davomida bu yil universitetga eng yuqori ball to‘plab, davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan 1-bosqich talabalari va ularning ota-onalariga universitet rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.
Marosim davomida milliy kuy va qo‘shiqlar yangradi, yoshlik, istiqlol va Vatanga muhabbat tarannum etildi. Taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar barcha ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Universitet jamoasi bu yil ham nafaqat ilmiy tadqiqotlar, balki xalqaro hamkorlik, innovatsion ta’lim dasturlari va talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish yo‘lida ulkan marralarni ko‘zlamoqda.