O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanar ekan, mamlakatimizning barcha ta’lim muassasalarida “Mustaqillik darslari” davom etmoqda. Ushbu darslar yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va mustaqillik g‘oyalariga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan.
Farg‘ona davlat universitetida ham yangi o‘quv yilining ilk mashg‘ulotlari ana shu ruhda boshlandi. Talabalar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘tkazilgan “Mustaqillik darslari”da ozodlikning tarixiy ahamiyati, ota-bobolarimizning mustaqillik yo‘lidagi mardonavor kurashlari, mustaqillik yillarida erishilgan ulkan yutuqlar keng yoritildi.
Shuningdek, 34 yil davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, milliy taraqqiyotning yangi bosqichi, “Yangi O‘zbekiston – yangi hayot” tamoyillari haqida ham atroflicha fikr almashildi.
Mashg‘ulotlarda jadidlar merosi, qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Zero, milliy istiqlol uchun kurashgan ajdodlarimizni yod etish – bugungi avlodning eng muqaddas burchidir. “Tarixiy xotira – Yangi O‘zbekiston poydevori” shiori ostida tashkil etilgan davra suhbatlari yoshlarni tarixiy adolat va milliy qadriyatlarga yanada hurmat bilan qarashga undadi.
Mustaqillik saboqlari nafaqat tarixiy voqealarni yodga olish, balki yoshlarni ijtimoiy faollikka, ilm-fan va kasbiy mahorat sari intilish ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Darslar davomida talabalarga mustaqillik tufayli erishilgan imkoniyatlar, ilm-fan, ta’lim, iqtisodiyot va madaniyatdagi yutuqlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Yoshlar uchun bu saboqlar – milliy o‘zlikni anglash, kelajak sari qat’iyat bilan intilish, Vatan ravnaqi uchun mas’uliyatni his etish yo‘lida bebaho maktab bo‘lib xizmat qilmoqda.