Joriy yilning 4–5-sentabr kunlari Latviyaning Riga shahrida O‘zbekiston va Latviya oliy ta’lim muassasalarining birinchi ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur forum ikki davlat o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim xalqaro maydonga aylandi.
Farg‘ona davlat universiteti delegatsiyasi ham ushbu nufuzli tadbirda faol ishtirok etmoqda. Xususan, FarDU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Sh. Shuhratov Latviyaning Riga Nordik universiteti rektori Deniss Djakons bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda talabalar uchun stajirovka imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Uchrashuv yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi shartnomasi imzolandi. Mazkur hujjat FarDU va Riga Nordik universiteti o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Bu kelishuv FarDU talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun xalqaro tajribani o‘rganish, Latviya oliy ta’lim tizimining ilg‘or yutuqlaridan foydalanish va o‘zaro innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.