Farg‘ona davlat universitetida yangi o‘quv yili doirasida an’anaviy “Mustaqillik darslari” bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu darslar yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarni chuqur anglashga xizmat qilmoqda.
Mashg‘ulotlar davomida talabalarga O‘zbekiston mustaqilligining tarixiy ahamiyati, ota-bobolarimizning ozodlik yo‘lidagi kurashlari, shuningdek, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. So‘nggi 34 yil mobaynida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqimizning farovonligi va yoshlarning kelajagini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar alohida ta’kidlab o‘tildi.
Darslar doirasida qatag‘on qurbonlari xotirasi, jadidlar merosi va ularning ma’rifat yo‘lidagi faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tildi. “Tarixiy xotira – Yangi O‘zbekiston poydevori” shiori ostida tashkil etilgan davra suhbatlari esa talabalar uchun tarixiy saboqlarni zamonaviy islohotlar bilan bog‘lash imkonini berdi.
“Mustaqillik darslari” nafaqat tarixiy ma’lumot beruvchi mashg‘ulot, balki yoshlarni milliy g‘oya va ma’naviyat ruhida tarbiyalash, ularni yurt kelajagi uchun mas’uliyatli shaxslar qilib voyaga yetkazishda muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda.