O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm surmoqda. “Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – taʼlim, eng hurmatli insonlar – o‘qituvchi va murabbiylardir”, – deya ta’kidladi Muhtaram Yurtboshimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu sana munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda.
Prezident tabrigida ta’lim sohasida fidokorona xizmat qilayotgan barcha ustoz-murabbiylarga samimiy minnatdorlik bildirildi. Davlatimiz rahbari o‘z hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlab kelayotgan ustozlarga chuqur hurmat-ehtirom izhor etar ekan, sohaga qaratilayotgan islohotlar, imkoniyatlar va istiqbolli rejalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Farg‘ona viloyati studiyasida ushbu muloqotni soha vakillari katta qiziqish bilan kuzatdilar. Shu munosabat bilan Farg‘ona davlat universiteti katta faollar zalida ham bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida Prezident farmoniga ko‘ra taqdirlangan universitet o‘qituvchilariga davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Bu e’tirof – ustozlar mehnatiga bo‘lgan yuksak hurmatning yaqqol ifodasi bo‘ldi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov barchani bayram bilan samimiy tabriklab, Yangi O‘zbekiston ta’lim tizimidagi tub islohotlar, ustozlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, ularning jamiyatdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Bayram tadbirlari buning bilan yakunlanmadi. Uchrashuvdan so‘ng, “Afrosiyob” majmuasida soha xodimlari uchun ko‘tarinki ruhdagi bayram dasturi tashkil etildi. Unda viloyatimizdagi fidoyi va faol o‘qituvchilar, ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.