Farg‘ona davlat universitetida ochiq muloqotlar an'anaga aylanmoqda. Bugun universitet rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov Fizika-matematika fakultetida tahsil olayotgan 1-bosqich talaba yoshlar bilan ochiq va samimiy suhbat o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida rektor Prezidentimiz tomonidan yoshlarga, xususan, qizlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlandiki, bugungi kunda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu yo‘nalishda tizimli islohotlar olib borilmoqda.
"Ayol kishi ziyoli bo‘lsa, ilmli bo‘lsa – uning farzandlari olim bo‘ladi, lider bo‘ladi. Buyuk onalar – buyuk farzandlarni dunyoga keltiradi. Yigitlarimiz esa mamlakat qudrati va Vatan ravnaqi yo‘lida har sohada peshqadam bo‘lishlari lozim", — deya ta’kidladi universitet rektori.
Shuningdek, rektor yoshlarni zamonaviy bilimlarni chuqur o‘rganishga, o‘z ustida muntazam ishlashga, tanqidiy fikrlash va liderlik ko‘nikmalarini shakllantirishga chaqirdi. Muloqot chog‘ida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar, dolzarb masalalar yuzasidan ochiq fikr almashildi.
Bu kabi uchrashuvlar nafaqat talabalar uchun, balki ta’lim muassasalari rahbariyati uchun ham dolzarb masalalarni joyida o‘rganish, yoshlarga yaqindan ko‘maklashish imkonini yaratishiga ishonamiz.