
Bo‘stonliq tumanidagi so‘lim va zamonaviy “Green Hills Resort” majmuasi katta intellektual voqelikka mezbonlik qildi. Unda “Zakovat” intellektual harakatining 25 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ekologiya va turizm mavzusidagi respublika miqyosidagi yirik turnir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqa Toshkent viloyati hokimligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “Green Hills Resort” majmuasi hamda “Zakovat” intellektual klubi NNT hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqada O‘zbekistonning barcha hududlaridan saralangan eng kuchli jamoalar ishtirok etdi. Tadbir yoshlarda ekologik tafakkurni shakllantirish, barqaror turizm g‘oyalarini targ‘ib etish, shuningdek, ilmiy fikrlash, mantiqiy tahlil va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Kun davomida intellektual bellashuvlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qizg‘in va murosasiz tarzda o‘tkazildi:
“Zakovat” jamoaviy o‘yini
Shaxsiy intellektual o‘yin
Breyn-ring musobaqasi

Musobaqaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha natijalar umumlashtirilib, eng faol, bilimdon va jamoaviy ruhda harakat qilgan ishtirokchilar umumjamoa hisobida g‘olib deb topildi.
Bellashuvlar yakunida quyidagi jamoalar faxrli o‘rinlarni egallab, yirik pul mukofotlariga sazovor bo‘ldilar:
1-o‘rin — Toshkent shahri jamoasi — 300 million so‘m
2-o‘rin — Farg‘ona viloyati jamoasi — 200 million so‘m
3-o‘rin — Jizzax viloyati jamoasi — 100 million so‘m
Ayniqsa, Farg‘ona viloyati jamoasi tarkibida ishtirok etgan Farg‘ona davlat universiteti talabalari o‘zining kuchli bilim zaxirasi, mantiqiy yondashuvi va jamoaviy muvofiqligi bilan alohida e’tiborni qozondi. Ular faxrli 2-o‘rinni egallab, yirik muvaffaqiyatga erishdilar.
Bu musobaqa nafaqat bilim bellashuvi, balki atmosferaga befarq bo‘lmagan yoshlarni birlashtiruvchi, ekologik ong va mas’uliyatni kuchaytiruvchi ijtimoiy-ma’naviy loyiha sifatida ham e’tirof etildi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z bilimlarini namoyon etish bilan birga, barqaror rivojlanish va tabiatni asrash bo‘yicha yangicha qarashlarga ilhom oldilar.
“Zakovat” harakati orqali yoshlarning ilmga, tabiatga va kelajakka bo‘lgan mas’uliyatli munosabati, shubhasiz, jamiyatimizda barqaror tafakkurli, bilimli avlod shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.