Farg‘ona davlat universiteti Tarix fakulteti sotsiologiya va ijtimoiy ish kafedrasi o‘qituvchisi Yuldasheva Diyora Erkinovna o‘zining ilmiy izlanishlari, izlanuvchanligi va mehnati natijasida pedagogika sohasida yirik muvaffaqiyatga erishdi.
U 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha yozgan “Bo‘lajak o‘qituvchilarni shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv asosida ijtimoiy-kommunikativ kompetentligini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi.
Mazkur dissertatsiya ishi Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/27.09.2024.Ped.05.10 raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy himoyada ko‘rib chiqildi. Yuldasheva Diyora Erkinovnaning ilmiy yondashuvi, tadqiqotning dolzarbligi, ilmiy yangilik va amaliy ahamiyati ilmiy kengash a’zolari tomonidan yuqori baholandi va u 100% ovoz bilan ilmiy darajaga loyiq deb topildi.
Yuldasheva Diyora Erkinovnaning tadqiqoti zamonaviy ta’limda dolzarb bo‘lgan shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv konsepsiyasi asosida qurilgan. U bo‘lajak o‘qituvchilarning ijtimoiy-kommunikativ kompetentligini rivojlantirish bo‘yicha metodik asoslarni ishlab chiqqan. Mazkur metodika, ayniqsa, pedagoglarni tayyorlash jarayonida zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish uchun muhim nazariy va amaliy baza yaratadi.
Tadqiqot natijalari ta’lim jarayonini insonparvarlik, shaxsga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda tashkil etishga yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchilar bilan samarali muloqot o‘rnatish, ijtimoiy muhitda faol bo‘lish va o‘qituvchining kasbiy kompetentligini mustahkamlashda katta rol o‘ynaydi.