Bugungi kunda yoshlar orasida sportga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani quvonarli holat. Ayniqsa, yurtimiz taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan isteʼdodli sportchilar yurt shaʼni va dargoh nufuzini munosib himoya qilayotgani eʼtiborga molikdir.
Shunday iqtidor egalari qatorida Fargʻona davlat universiteti Sport faoliyati fakultetining 2-bosqich, 51.24-guruh talabasi Alyor Ataboyevni alohida taʼkidlash mumkin. U Oʻzbekiston chempionatida yunon-rum kurashi bo‘yicha ishtirok etib, faxrli 3-oʻrinni qo‘lga kiritdi.
Mazkur chempionat yurtimizning eng kuchli va tajribali polvonlari ishtirokida oʻtgan boʻlib, unda ishtirok etishning oʻziyoq sportchining mahorati va jasoratidan dalolat beradi. Alyor Ataboyev bu musobaqada nafaqat qatnashdi, balki raqobatbardosh kurash olib borib, kuchli uchlik qatoridan joy oldi. Bu esa uning yuksak jismoniy tayyorgarligi, aqliy chaqqonligi va strategik fikrlash qobiliyatini amalda namoyon etdi.
Alyor Ataboyev erishgan bu yutuq — nafaqat uning shaxsiy mehnati va qatʼiyati, balki ustozlari, murabbiylari hamda taʼlim muassasasi tomonidan yaratilgan zarur sharoit va doimiy motivatsiyaning natijasidir. Fargʻona davlat universiteti har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlash bilan birga, sport sohasida ham yetakchilikka intilmoqda. Alyorning bu kabi yutuqlari esa universitetda sogʻlom turmush tarzi va sportga eʼtibor yuqori ekanidan dalolat beradi.
Eslatib oʻtamiz, yunon-rum kurashi — qadimiy sport turlaridan biri bo‘lib, u nafaqat jismoniy kuch, balki aql-idrok, chidamlilik, muvozanat va strategik fikrlashni ham talab etadi. Aynan shuning uchun bu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishgan sportchilar intizom, bilim va mehnatsevarlik timsoli sifatida namoyon bo‘ladi. Alyor Ataboyev esa bu fazilatlarning barchasini oʻzida mujassam etgan yosh sportchimizdir.
U oldinda yana koʻplab yirik musobaqalar, xalqaro turnirlar va yangi gʻalabalar sari intilmoqda.