Farg‘onada 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami keng nishonlandi
Ona tili – bu faqat aloqa vositasi emas, balki millat qalbi, xalqning ruhi, tarix va madaniyatining bosh belgisi, jamiyat birligining tayanchidir. 21-oktabr sanasi esa har yili yurtdoshlarimiz tomonidan katta ehtirom va g‘urur bilan nishonlanadigan O‘zbek tili bayrami hisoblanadi. Bu yil esa o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi keng nishonlanmoqda.
Bugun ushbu sana munosabati bilan Farg‘ona shahrida joylashgan buyuk mutafakkir, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy haykali poyida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimligi, turli boshqarma va tashkilotlar, Farg‘ona davlat universiteti jamoasi, yozuvchi va shoirlar, keng jamoatchilik vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov so‘zga chiqib, barchani bayram bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z nutqida ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi tarixiy voqea bo‘lganini, bu til xalqimizning o‘zligini anglashida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Bayram tadbirida adabiyot namoyandalari, olimlar, yosh ijodkorlar ona tilining jozibasi, boyligi, tarixiy ildizlari haqida iliq fikrlar bildirdilar. Tadbir davomida:
Ona tiliga bag‘ishlangan she’rlar va badiiy chiqishlar namoyish etildi,
Yosh ijodkorlarning til va millat haqida yozilgan eng yaxshi asarlari o‘qib eshittirildi,
Alisher Navoiy asarlaridan namunalar ijro etildi,
Ona tilimizni asrab-avaylash, uning taraqqiyoti uchun har bir fuqaro mas’ul ekani haqida fikrlar bildirildi.
Bugun o‘zbek tili – davlat tilidir. Bu til orqali biz o‘zligimizni anglaymiz, tariximizni o‘rganamiz, madaniyatimizni asraymiz. Tilda – millatning o‘ziga xosligi, g‘ururi, tafakkuri mujassam.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi — bu xalqimizning o‘z tarixiga, madaniyatiga va istiqloliga bo‘lgan hurmatining yuksak ifodasidir. Bu esa har bir yurtdoshimizdan ona tilini sevish, uni to‘g‘ri va ravon qo‘llash, uning boyliklarini chuqur o‘rganib, kelajak avlodga toza holda yetkazishni talab qiladi.
“Ona tilini ardoqlash – bu Vatanni ardoqlash demakdir!”
Farg‘onada o‘tkazilgan bugungi tadbir ona tilimizga bo‘lgan hurmat va mehr-muhabbatning amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar esa yosh avlod qalbida ona tiliga nisbatan yuksak ehtirom, g‘urur va mas’uliyat tuyg‘usini shakllantiradi.