Farg‘ona davlat universiteti Tarix fakulteti Ijtimoiy ish yo‘nalishi talabasi Abduraimov Shahriyor xalqaro miqyosda yuqori e’tirofga sazovor bo‘ldi. U Jadidlar Xalqaro Ilmiy Tadqiqotlar Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Millatlar Mozaikasi” xalqaro festivali doirasida “Do‘stlik elchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mazkur festival turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etish, yoshlar orasida tinchlikparvarlik qadriyatlarini mustahkamlash hamda madaniy muloqotni rivojlantirish maqsadida o‘tkazib kelinadi.
Abduraimov Shahriyorning bu yuksak mukofotga sazovor bo‘lishi — uning millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va insonparvarlik g‘oyalarini ilgari surish yo‘lidagi faol ishtiroki hamda jamoatchilikdagi tashabbuskorligining amaliy ifodasidir.
“Har bir yosh, qayerda bo‘lmasin, tinchlik va do‘stlik g‘oyalarini hayotda tatbiq etishga, insonlar o‘rtasida mehr va birdamlik muhitini mustahkamlashga hissa qo‘shmog‘i kerak. Men uchun bu e’tirof — nafaqat faxr, balki mas’uliyatdir”,
— deya ta’kidladi Abduraimov Shahriyor taqdirlash marosimidan so‘ng bergan intervyusida.
Universitet rahbariyati ham o‘z navbatida Shahriyorning ushbu muvaffaqiyatini nafaqat fakultet, balki butun universitet jamoasi uchun faxrli natija sifatida baholab, unga kelgusida ham yangi yutuqlar tiladilar.
Bu kabi xalqaro tanlov va festivallarda talabalarning muvaffaqiyati Farg‘ona davlat universitetida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan samarali ishlarning amaliy natijasidir.