

Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi ma’naviyat-ma’rifat soati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Farg‘ona davlat universitetining Pedagogika kafedrasi katta o‘qituvchisi Shokirjon Aripov “O‘zbekistonning oltin avlodlari” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzada bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularni ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va zamonaviy bilimlarga yo‘naltirish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yoshlarning Vatanga sadoqat, mehnatsevarlik va halollik kabi fazilatlarni o‘zida mujassam etgan holda yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shishlari zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida ochiq muloqot tarzida savol-javoblar tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Ayniqsa, yosh xodimlarning ilm-fan, texnologiya va vatanparvarlik borasidagi yangicha qarashlari va takliflari tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi.
Yakunda boshqarma rahbariyati ma’ruzachi Shokirjon Aripovga o‘z minnatdorchiligini bildirib, bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarning ichki ishlar organlari xodimlari ma’naviyatini yuksaltirish, ularning kasbiy va shaxsiy rivojida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Mazkur tadbir xodimlarning dunyoqarashini kengaytirish, yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan, bilimli va vatanparvar kadrlarni tarbiyalash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.