

Farg‘ona davlat universiteti Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakultetida “Inklyuziv transformatsiya sharoitida talabalarning ijtimoiy faolligini etnopedagogik manbalar vositasida shakllantirish tendensiyalari: muammo va yechimlar” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Mazkur anjumanda O‘zbekistonning turli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda xorijiy universitetlardan olimlar, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Tadbirda inklyuziv ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish, etnopedagogik manbalardan ta’lim-tarbiya jarayonida samarali foydalanish, shuningdek, talabalarning ijtimoiy faolligini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ma’ruzachilar o‘z ilmiy tadqiqotlari asosida inklyuziv ta’limda milliy qadriyatlar va madaniy merosni uyg‘unlashtirish yo‘llarini yoritib berdilar. Shuningdek, ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni milliy an’analar bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning ijtimoiy hayotda faol ishtirokini ta’minlash borasidagi innovatsion g‘oyalar taqdim etildi.
Anjumanda ilgari surilgan taklif va ilmiy qarashlar asosida kelgusida amalga oshiriladigan amaliy chora-tadbirlar hamda hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Tadbir yakunida faol ishtirokchilar sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman ta’lim jarayonida inklyuzivlik, etnopedagogika va ijtimoiy faollikni birlashtirishga qaratilgan yangi ilmiy yondashuvlarni shakllantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.