

Farg’ona davlat universitetida talabalar uchun yana bir muhim yangilik: 7-talabalar turar joyi yangicha qiyofada!
Farg‘ona davlat universitetida talabalar yashash sharoitlarini yaxshilash borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida universitetning 7-talabalar turar joyida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari yakuniy bosqichga yetib kelmoqda.
Universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov ta’mirlash jarayonlarini bevosita joyida ko‘zdan kechirib, bajarilayotgan ishlarning sifati, zamonaviy talablarga mosligi hamda belgilangan muddatlarga amal qilinayotganini alohida nazorat qildi. Mas’ullar bilan bo‘lgan muloqot davomida talabalar uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy yashash muhiti yaratish ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Ta’mirlash ishlari doirasida turar joy xonalari to‘liq yangilanib, yangi va qulay mebellar, zamonaviy yoritish tizimlari, sanitariya-gigiena talablariga to‘liq javob beradigan sharoitlar yaratildi. Shuningdek, bino xavfsizligi kuchaytirilib, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari qayta ko‘rib chiqildi.
Ayni kunlarda yakuniy ishlar olib borilmoqda va yaqin vaqt ichida 7-talabalar turar joyi to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa yuzlab talabalar uchun yanada qulay va shinam yashash muhitini ta’minlaydi.
Mazkur loyiha Farg‘ona davlat universitetida “Talaba markazida bo‘lgan ta’lim muhiti” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lib, talabalar hayot sifatini oshirish, ularning bilim olish jarayoniga yanada qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.