



Farg‘ona davlat universitetida 6-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilish universitetning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Kengash yig‘ilishi tantanali taqdirlash marosimi bilan boshlandi. Unda ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga erishgan bir guruh professor-o‘qituvchilar universitet rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi. Ushbu e’tirof professor-o‘qituvchilarning ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi, samarali mehnati hamda yosh avlodni tarbiyalashdagi fidokorona faoliyatiga berilgan yuksak baho bo‘ldi. Shuningdek, bu rag‘bat kelgusidagi ilmiy izlanishlar va innovatsion faoliyatni yanada jadallashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.


Yig‘ilish davomida universitet hayoti va faoliyatining muhim jihatlarini qamrab olgan quyidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi:
ijro intizomini mustahkamlash, topshiriqlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish va mas’uliyatni oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqadigan chora-tadbirlar;
o‘quv-uslubiy kengash hamda kafedralarda olib borilayotgan o‘quv-uslubiy faoliyat holati va uning samaradorligini tahlil qilish;
Prezident, Davlat va nomdor stipendiyalarga munosib nomzodlarni aniqlash va tayyorlash masalalari;
xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan hujjatlarni tasdiqlash;
2025-yil moliya-xo‘jalik faoliyati yakunlari hamda 2026-yil uchun istiqbolli rivojlanish rejalari;
ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlarini jadallashtirish va sifat ko‘rsatkichlarini oshirish.
Shuningdek, yig‘ilishda ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilarga ustamalar belgilash, xorijiy stajirovkalar bo‘yicha rejalarni tasdiqlash, “AI Inno FDU” StartUp tanlovi nizomini ko‘rib chiqish, ilmiy unvonlarga tavsiya etish hamda nufuzli ilmiy nashrlarda chop etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham muhim qarorlar qabul qilindi.
Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Ushbu Kengash yig‘ilishi Farg‘ona davlat universitetida ta’lim, ilm-fan va innovatsion faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, universitetning milliy va xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.