
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, Farg‘ona davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakultetida talaba-yoshlar ishtirokida navbatdagi profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir fakultetning 3-bosqich talabalari ishtirokida “Uyushgan jinoyatchilik, terrorizm hamda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurash” mavzusida davra suhbati shaklida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, ularni turli salbiy illatlardan himoyalash, hushyorlik va mas’uliyat hissini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbatida fakultet dekani R. Ubaydullayev hamda universitet profilaktika inspektori, mayor S. Umarov so‘zga chiqib, bugungi kunda uyushgan va transchegaraviy jinoyatchilik, terrorizm hamda giyohvandlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, yoshlarning bunday xavfli tahdidlarga nisbatan befarq bo‘lmasligi, qonunlarga hurmat ruhida yashashi va o‘z kelajagi uchun mas’uliyatni chuqur anglab yetishi muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan atroflicha javoblar oldilar. Yakunda mavzuga oid hujjatli film namoyish etilib, unda jinoyatchilik va giyohvandlikning jamiyat hamda yoshlar hayotiga salbiy ta’siri yorqin misollar orqali yoritib berildi.
Mazkur davra suhbati talaba-yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish hamda yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitet hosil qilishda muhim ahamiyat kasb etdi. Universitetda bu kabi profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.