
Farg‘ona davlat universitetining Tarix fakultetida professor-o‘qituvchilar, olima ayollar, iqtidorli talaba-qizlar hamda “Gender tadqiqot markazi” rahbari, professor T.Egamberdiyeva, shuningdek, universitet rektor maslahatchisi M.Kamalova ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasining maqsad va istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida ishtirokchilar Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalarni, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini, yoshlarning ilm-fan va ta’limdagi faolligini oshirishga qaratilgan strategiyalarni atroflicha muhokama qilishdi.
Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar va olima ayollar gender tenglik, ijtimoiy faollik va yoshlar siyosati masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar, yoshlarni ilm-fan, ta’lim va ijtimoiy hayotda faol bo‘lishga rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, davra suhbatida fakultetning bir guruh iqtidorli talaba-qizlarining erishgan yutuqlari e’tirof etildi. Ularning muvaffaqiyatlari, jumladan davlat stipendiyalari sohibasi bo‘lishlari, yoshlarning bilim va mehnatga bo‘lgan intilishini namoyon etmoqda. Bu esa universitet va jamiyat uchun haqiqiy ilhom manbai sifatida ta’kidlandi.
Ushbu davra suhbati nafaqat Murojaatnomaning mazmuni va ustuvor vazifalarini yoshlar ongiga yetkazishga xizmat qildi, balki talaba-qizlarda:
ilm-fan va ta’lim sohasida faollik,
ijtimoiy mas’uliyat,
jamiyatdagi o‘z o‘rnini anglash,
o‘z yutuqlarini rivojlantirish istagi
kabi muhim fazilatlarni shakllantirishga yordam berdi.