

Farg‘ona viloyat musiqali drama teatrida Marg‘ilon maqom teatri ijrosida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Navoiy” spektakli namoyish etildi. Ushbu sahna asari tom ma’noda yuksak ma’naviyat va san’at bayramiga aylandi.
Ikki seansdan iborat bo‘lgan spektaklda Alisher Navoiyning serqirra hayoti, boy ma’naviy merosi, insonparvarlik g‘oyalari hamda millat va ma’rifat yo‘lidagi fidokorona xizmatlari chuqur badiiy talqinda yoritildi. Sahna voqealari orqali tomoshabin Navoiyning shoir, davlat arbobi va xalqparvar inson sifatidagi siymosini yanada teran his etish imkoniga ega bo‘ldi.
Spektaklning musiqiy bezagi, maqom ohanglari, sahna harakatlari va aktyorlarning mahoratli ijrosi asarga alohida joziba baxsh etdi. Har bir sahna tomoshabinni o‘yga toldirib, buyuk ajdodimiz qoldirgan bebaho merosning bugungi kundagi ahamiyatini yana bir bor eslatdi.
Mazkur madaniy tadbirda Farg‘ona davlat universitetining 700 nafardan ortiq talabalari faol ishtirok etdi. Spektakl yoshlar qalbida katta taassurot qoldirib, ularda milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat, adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Talabalar ushbu sahna asari orqali yuksak ma’naviy zavq olib, Navoiyning ezgulik, adolat va insoniylik haqidagi g‘oyalaridan ilhomlandilar.