
Farg‘ona davlat universiteti Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti Vokal va cholg‘u ijrochiligi kafedrasi talabalari tomonidan buyuk mutafakkir va so‘z mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan “Nazm va navo” nomli konsert dasturi tashkil etildi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir Alisher Navoiy ijodida mujassam bo‘lgan yuksak insonparvarlik, ezgulik va go‘zallik g‘oyalarini musiqiy san’at orqali keng targ‘ib etishga qaratildi. Konsert dasturi davomida shoirning betakror g‘azallari asosida bastalangan mumtoz kuy va qo‘shiqlar yosh ijrochilar talqinida yangrab, tomoshabinlarga chuqur badiiy zavq ulashdi.
Talabalar ijrosida maqom ohanglari, an’anaviy vokal asarlar hamda cholg‘u kuylarining uyg‘unligi Navoiyning bebaho adabiy merosi bilan musiqaning yuksak ruhiy qudratini birlashtirdi. Har bir ijro sahnada nafaqat san’at mahoratini, balki ijrochilarning Navoiy ijodiga bo‘lgan chuqur hurmati va muhabbatini ham yaqqol namoyon etdi.
“Nazm va navo” konsert dasturi talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, milliy musiqa san’atiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish hamda buyuk ajdodlarimiz merosini yosh avlod ongiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir ishtirokchilari va mehmonlari ushbu konsertni yuksak baholab, ijrochilarga iliq tilak va olqishlar bildirdilar.
Mazkur ijodiy kecha Farg‘ona davlat universitetida milliy qadriyatlar, adabiyot va san’at uyg‘unligiga asoslangan an’analar izchil davom etayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.