
G‘azal mulkining sultoni, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Farg‘ona davlat universitetida qator ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va ijodiy tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlar talaba-yoshlar ongida milliy ma’naviyatni yuksaltirish, buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat ruhini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, Chet tillari fakulteti talabalari uchun filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsenti - Barziyev Oybek Xabibullayevich ishtirokida mazmunli davra suhbati tashkil etildi. Tadbir davomida Alisher Navoiyning boy adabiy merosi, uning jahon adabiyotidagi o‘rni, o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va tafakkur rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Davra suhbatida talabalar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Shuningdek, Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti talabalari ishtirokida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan badiiy kecha tashkil etildi. Tadbirda Boshlang‘ich ta’lim uslubiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari I. Xoldorova, S. Zokirova va Sh. G‘aniyevalar so‘zga chiqib, talabalarga Alisher Navoiyning hayoti, ijodiy faoliyati va uning bugungi yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida mazmunli ma’lumotlar berdilar. Badiiy chiqishlar, she’riy o‘qishlar va sahna ko‘rinishlari tadbirga alohida ruh bag‘ishladi.
Mazkur tadbirlar Alisher Navoiy merosining bugungi avlod uchun naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etib, talabalarda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirish, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash va ijodiy fikrlashni rivojlantirishga xizmat qildi.