Ishonch telefoni:
(+99873) 244-44-15



Farg‘ona davlat universiteti faollar zalida “Kelajak soati” loyihasi doirasida muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – spichrayteri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov tomonidan buyuk mutafakkirlar — Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi hamda ijodiga oid chuqur tahliliy va mazmunli mulohazalar bayon etildi.
Uchrashuvda Xayriddin Sultonov Navoiy va Boburning nafaqat adabiyot va tarixdagi o‘rni, balki ularning milliy tafakkur, davlatchilik, ma’naviyat va inson kamolotiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida fikr yuritdi. Buyuk siymolarning asarlarida mujassam bo‘lgan vatanparvarlik, adolat, ma’rifat va komil inson g‘oyalari bugungi kun nuqtayi nazaridan tahlil qilindi.
Tadbir ishtirokchilari yozuvchining samimiy va teran fikrlarini katta qiziqish bilan tinglab, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Ayniqsa, yoshlar uchun ushbu uchrashuv buyuk ajdodlarimiz merosini chuqurroq anglash, tarixiy shaxslar siymosiga zamonaviy qarashlar bilan yondashish imkonini berdi.
Mazkur “Kelajak soati” uchrashuvi talaba-yoshlar ongida milliy o‘zlikni anglash, adabiyot va tarixga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, shuningdek, buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...