

Bugun ilm-fan olamida ayol ovozi tobora balandroq yangramoqda. Zamonaviy taraqqiyot shiddat bilan kechayotgan bir davrda ayollarning ilmiy salohiyati, intellektual kuchi va innovatsion g‘oyalari jamiyat rivojining muhim omiliga aylanmoqda. Ilm va tafakkur maydonida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlar nafaqat o‘z hayotini, balki butun jamiyat kelajagini belgilash qudratiga ega.
Ana shunday yuksak maqsad va ezgu g‘oyalarni ilgari surgan holda Farg‘ona davlat universitetida Xotin-qizlar maslahat kengashi hamda Gender tengligi tadqiqotlar markazi hamkorligida 11-fevral — “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan “Ayol, fan va gender” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Tadbir ilm-fan rivojida xotin-qizlarning o‘rni va rolini mustahkamlash, ularning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglik tamoyillarini keng targ‘ib etishga qaratildi.


Anjumanda universitet hamda viloyat miqyosida ilmiy faoliyat olib borayotgan olima ayollar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, doktorantlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ilmiy muloqot ruhida o‘tgan tadbir tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va yangi tashabbuslarni ilgari surish maydoniga aylandi.
Anjuman davomida Farg‘ona davlat universitetida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlarini rag‘batlantirish hamda olima ayollar safini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
“Ayol, fan va gender” mavzusidagi ma’ruzalarda jamiyat taraqqiyotida ayollarning ilmiy-intellektual salohiyati hal qiluvchi omillardan biri ekani alohida ta’kidlandi. Ilmiy tadqiqotlarda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularni grant loyihalari va xalqaro dasturlarga keng jalb etish, yosh olimalarni qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning ustuvor vazifasi sifatida e’tirof etildi.
“Zamonaviy jamiyatda ayollarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari” mavzusida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar gender tenglikni ta’minlash, ayollar uchun qulay ilmiy muhit yaratish, ularning akademik o‘sishi va boshqaruv tizimidagi ishtirokini kengaytirish masalalariga to‘xtaldilar.


Qayd etildiki, ayollarning ilmiy jarayonlardagi faolligi nafaqat ta’lim tizimining rivojiga, balki jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ilmli va faol ayol — sog‘lom va taraqqiy etgan jamiyat poydevoridir.
Anjumanda “Viloyatda ayollar reproduktiv salomatligi tahlili” mavzusi ham muhokama markazida bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan hududda amalga oshirilayotgan tibbiy-profilaktik ishlar, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda ayollar salomatligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Bu boradagi ilmiy tadqiqotlar ayollar salomatligini yaxshilash, demografik barqarorlikni ta’minlash va sog‘lom avlodni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

“FarDU xotin-qizlarining ilmiy tadqiqotlarini rivojlantirishdagi o‘rni” mavzusi doirasida universitetda amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar, doktorantura faoliyati, mustaqil izlanuvchilar safining kengayishi hamda yosh olimalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida so‘z yuritildi.
So‘nggi yillarda universitetda ilmiy daraja olayotgan ayollar sonining ortib borayotgani xotin-qizlarning ilm-fan sohasidagi faolligi izchil o‘sib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa ta’lim va ilmiy muhitda gender tenglik tamoyillari tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.