

11-fevral — butun dunyoda xotin-qizlarning ilm-fan sohasidagi o‘rni va hissasini e’tirof etishga bag‘ishlangan muhim sana — Xalqaro olima ayollar kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana 2015-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan rasman e’lon qilingan bo‘lib, ayollarning fan va texnologiyalar rivojiga qo‘shayotgan hissasini qadrlashga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan Farg‘ona davlat universiteti Tabiiy fanlar fakultetida “Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir ilm-fan yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan ustoz ayollarning xizmatlarini e’tirof etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va yosh avlodga ibrat sifatida ko‘rsatish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir davomida fakultet dekani tomonidan o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan, ilmiy izlanishlar va pedagogik faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ustozlarga maxsus diplomlar topshirildi. Ularning har biri nafaqat bilim beruvchi murabbiy, balki ma’naviy yetakchi, jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shayotgan fidoyi olima sifatida e’tirof etildi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, ma’rifatli jamiyatni, avvalo, ma’rifatli ayollar barpo etadi. Ayolning dunyoqarashi qanchalik keng, tafakkuri qanchalik teran bo‘lsa, uning jamiyatdagi mavqei shunchalik mustahkam bo‘ladi. Zero, ilmli ayol — bu nafaqat o‘zining, balki butun avlodning kelajagini bunyod etuvchi kuchdir.
Ayolning intellektual salohiyati, avvalo, uning farzandlarida namoyon bo‘ladi. U ilm-fan, odob-axloq, vatanparvarlik va yuksak qadriyatlarni farzandlariga singdiradi. Shu bois ham ayolning ma’rifati — jamiyat ma’rifatining poydevoridir.
Bugungi kunda mamlakatimizda “Uchinchi Renessans” g‘oyasi asosida barkamol, bilimli va tashabbuskor avlodni tarbiyalash ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu ezgu maqsad yo‘lida olima ayollarning hissasi beqiyosdir. Ular ilmiy tadqiqotlari, innovatsion ishlanmalari va samarali pedagogik faoliyati orqali yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Mazkur tadbir nafaqat taqdirlash marosimi, balki yosh qizlar uchun katta ilhom va motivatsiya manbai bo‘ldi. Talabalar ustozlarining muvaffaqiyat yo‘lini eshitib, ilm yo‘lida izlanish va o‘z ustida ishlashga yanada ruhlandi.
“Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi” degan hikmat bejiz aytilmagan. Chunki ilmli ayol — oila tayanchi, jamiyat ustuni, kelajak me’moridir. Uning tafakkuri va ma’naviyati yurt taraqqiyotining muhim omilidir.
Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilgan ushbu tadbir esa ana shu haqiqatning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.