
Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash va ularni amaliy faoliyatga samarali yo‘naltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan “Ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari uchun “Karyera kuni” tadbiri tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash, soha mutaxassislarini zamon talablari asosida tayyorlash hamda yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir davomida:
“Ijtimoiy ish” sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash sifati,
oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish,
bitiruvchilar bandligini ta’minlash mexanizmlari,
hamkorlikdagi dual ta’lim tizimi amaliyotini takomillashtirish
kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.


Mutaxassislar tomonidan ijtimoiy sohada ishlaydigan kadrlar nafaqat nazariy bilim, balki kuchli amaliy ko‘nikmaga ham ega bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Shu bois ta’lim jarayonini ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Tadbirda Farg‘ona davlat universiteti vakillari ham faol qatnashdilar. Xususan:
Talabalar amaliyoti bo‘limi mutaxassislari,
Tarix fakulteti rahbariyati,
Sotsiologiya va ijtimoiy ish kafedrasi professor-o‘qituvchilari,
“Ijtimoiy ish” yo‘nalishining 74 nafar kunduzgi va sirtqi ta’lim shaklidagi bitiruvchi talabalari
tadbir jarayonida ishtirok etib, soha vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bitiruvchilar uchun tashkil etilgan ochiq suhbatlar, maslahatlar va amaliy tavsiyalar ularning kelgusidagi kasbiy faoliyatini aniq rejalashtirishda muhim yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qildi.
“Ijtimoiy ish” yo‘nalishi bitiruvchilari jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ishlovchi, insonparvarlik va mas’uliyat talab etiladigan sohaning vakillari hisoblanadi. Shu bois ularning professional tayyorgarligi va ish bilan ta’minlanishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.