
Geologiya va minerologiya fanlari bo‘yicha birinchi o‘zbek olimasi, fan doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Saydaliyeva Maxfuza Sultanovna tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Zamonaviy ilm-fanda olima ayollarning o‘rni” mavzusidagi II Respublika ilmiy-amaliy anjumani yurtimiz ilmiy jamoatchiligi uchun muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Mazkur anjuman nafaqat buyuk olima xotirasiga hurmat bajo keltirish, balki ilm-fan sohasida ayollarning o‘rni va salohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Anjumanda olima ayollarning zamonaviy ilm-fan rivojidagi o‘rni, ilmiy izlanishlarda gender tenglik masalalari, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va akademik muhitda ayollar yetakchiligi kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Ma’ruzachilar o‘z chiqishlarida Maxfuza Saydaliyevaning ilmiy merosi, geologiya va minerologiya fanlari rivojiga qo‘shgan hissasi, shogirdlar tayyorlashdagi fidoyiligi hamda ayollar uchun ibrat maktabi bo‘lgan hayot yo‘li haqida so‘z yuritdilar.
Anjumanda Farg‘ona davlat universiteti vakillari ham faol ishtirok etdilar. Xususan:
Gender tadqiqot markazi rahbari, professor Turg‘unoy Egamberdiyeva,
FarDU rektor maslahatchisi M. Kamalova,
Tarix fakulteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi I. Nurmatova,
professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar
anjuman doirasidagi muhokamalarda qatnashib, ilmiy ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.
Ularning chiqishlarida ta’lim tizimida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy izlanishlarga keng jalb etish, yosh olima-qizlar uchun motivatsion muhit yaratish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Maxfuza Saydaliyeva siymosi — bu jasorat, ilmga sadoqat va fidoyilik timsolidir. U nafaqat o‘z sohasida birinchi bo‘lishga erishgan, balki keyingi avlod olimalari uchun mustahkam poydevor yaratgan buyuk shaxsdir.
II Respublika ilmiy-amaliy anjumani esa uning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ayollarning ilm-fandagi rolini mustahkamlash va zamonaviy jamiyatda gender tenglikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qildi.
Mazkur anjuman ilm-fan taraqqiyotida olima ayollarning beqiyos o‘rni borligini yana bir bor namoyon etdi. Zero, ilmda ayol — kelajak bunyodkori, ma’naviyat va tafakkur targ‘ibotchisidir.