

Fargʻona davlat universitetida buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543-yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirlar ma’naviy merosimizni yosh avlodga yetkazish, milliy adabiyot va tariximizni chuqurroq anglashga qaratilgan.
Harbiy ta’lim fakulteti va Iqtisodiyot fakulteti 1-bosqich talabalari tadbir davomida Bobur hayot yo‘li, serqirra ijodi va davlat hamda jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida ma’lumotlar taqdim etishdi. Shuningdek, ular Boburning oʻzbek adabiy tili va milliy tafakkur rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini keng yoritdilar.


Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti Maktabgacha ta’lim kafedrasi professor-ustozlari F. O‘rinova, D. Yo‘ldasheva, shuningdek tyutor D. Shakirova rahbarligida Maktabgacha ta'lim yo'nalishi 1-bosqich talabalari ishtirokida “Bobur – ma’naviyatimiz sarchashmasi” nomli tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida ustozlar tomonidan Bobur hayoti va ijodiga oid muhim ma’lumotlar taqdim etildi, talabalar esa shoirning g‘azal va ruboiylarini yuqori mahorat bilan ijro etishdi.
Shuningdek, talabalar tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi: Bobur tarixiy shaxs, yirik davlat arbobi va nozik didli ijodkor sifatida yoritildi. Bu orqali yoshlar Bobur merosining faqat adabiy emas, balki siyosiy va ma’naviy ahamiyatini ham chuqurroq anglash imkoniga ega bo‘ldi.
Mazkur tadbir yosh avlodda milliy g‘urur va ma’naviy qadriyatlarni rivojlantirish, tarixiy shaxslarning beqiyos merosini o‘rganish va ijodiy tafakkurni oshirishga xizmat qilmoqda. Farg‘ona davlat universiteti bu kabi tadbirlarni muntazam tashkil etib, talabalarni nafaqat ilmiy, balki ma’naviy jihatdan ham boyitishga e’tibor qaratmoqda.