
“Bobur biz uchun nafaqat tarixiy siymo, balki ilhom manbai. Uning boy adabiy va ilmiy merosi yoshlar uchun katta ruhiy kuch beradi. Biz uning merosini keng targ‘ib qilishimiz va kelajak avlodga yetkazishimiz kerak.”
Ana shunday ezgu g‘oya ostida tarix fakulteti talabalari tyutorlari hamrohligida buyuk ajdodimiz — Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan Andijon shahrida joylashgan Bobur milliy bog‘i majmuasiga sayohat uyushtirdilar.
Sayohat davomida talabalar avvalo istirohat bog‘ining so‘lim tabiati, obod maskanlari va Bobur siymosini ulug‘lovchi haykallar bilan tanishdilar. Majmua hududidagi muhit yoshlar qalbida faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Shuningdek, talabalar Bobur va jahon madaniyati muzeyiga tashrif buyurib, boy ekspozitsiyalarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdilar. Muzey fondidan o‘rin olgan nodir kitoblar, qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar va eksponatlar Boburning hayoti, ijodi hamda uning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini yoritib beradi.
Muzey ko‘rgazmalarida Bobur hayoti va merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tomonidan olib kelingan qimmatli manbalar ham mavjud. Ushbu tarixiy ashyolar va manbalar talabalar uchun nafaqat nazariy bilim, balki jonli tarix bilan yuzma-yuz uchrashuv bo‘ldi.
Talabalar sayohatdan katta taassurot bilan qaytib, buyuk ajdodlar merosini chuqurroq o‘rganish, uni asrab-avaylash va targ‘ib qilish har birimizning burchimiz ekanini yana bir bor his etdilar.
Bunday ma’rifiy sayohatlar yoshlarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, milliy o‘zlikni anglash va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.