

Farg‘ona davlat universiteti Boshlang‘ich ta’lim uslubiyoti kafedrasi o‘qituvchisi, PhD Rustamova Davlatxon Toyirjon qizi 10–24-fevral kunlari Hindiston Respublikasining Nyu-Dehli shahrida joylashgan nufuzli Indian Institute of Public Administrationda malaka oshirmoqda.
Ustozimiz Hindiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan Indian Technical and Economic Cooperation (ITEC) dasturi doirasidagi xalqaro grant asosida tashkil etilgan o‘quv kursida ishtirok etmoqda. Mazkur dastur rivojlanayotgan davlatlar mutaxassislari uchun tajriba almashish, zamonaviy boshqaruv va ta’lim yondashuvlarini o‘rganish imkonini beruvchi nufuzli platforma sifatida e’tirof etiladi.

Dastur doirasida ishtirokchilar:
davlat boshqaruvi tizimida zamonaviy yondashuvlar,
ta’limni modernizatsiya qilish strategiyalari,
innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish,
raqamli boshqaruv va samarali rejalashtirish mexanizmlari
bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Xalqaro ekspertlar, professor-o‘qituvchilar hamda turli mamlakatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan fikr almashish jarayoni ilmiy va metodik salohiyatni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur ishtirok Farg‘ona davlat universitetida:
ta’lim sifatini oshirish,
ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish,
xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish,
qo‘shma loyihalar va ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish
yo‘nalishlarida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, o‘rganilgan tajribalar asosida boshlang‘ich ta’lim metodikasini takomillashtirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga keng joriy etish rejalashtirilmoqda.