
Joriy yilning 9–15-fevral kunlari poytaxtimiz — Toshkent shahrida sportning stol tennisi turi bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan kuchli va tajribali sportchilar ishtirok etgan mazkur musobaqa yuqori saviyada, murosasiz va qizg‘in bahslar ostida kechdi.
Mazkur nufuzli chempionatda FarDU sport faoliyati fakulteti 2-bosqich talabasi Abduqahhorova Go‘zaloy Alisherjon qizi munosib ishtirok etib, o‘zining mahorati, tezkorligi va kuchli iroda namoyishi bilan ajralib turdi. Keskin va hayajonli uchrashuvlar davomida u bir qator kuchli raqibalarni ortda qoldirib, faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Sportchimizning ushbu muvaffaqiyati ortida uning yillar davomida olib borgan izchil mashg‘ulotlari, murabbiylarining puxta tayyorgarligi hamda kuchli ishonchi mujassam. Chempionat davomida Go‘zaloyning texnik mahorati, tezkor qaror qabul qilishi va o‘yinni nazorat qila bilishi mutaxassislar tomonidan ham alohida e’tirof etildi.
Ushbu natija nafaqat sportchimizning shaxsiy yutug‘i, balki FarDU jamoasi uchun ham ulkan faxr hisoblanadi. Talabaning muvaffaqiyati universitetda sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning samarasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.