
Farg‘ona shahrida Oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Ma’rifat maydoni” Respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tanlov yoshlarning ma’naviy dunyoqarashi, intellektual salohiyati, notiqlik mahorati hamda jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini namoyon etishiga xizmat qildi.
Tanlov davomida ishtirokchi jamoalar turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Savol-javoblar, mantiqiy topshiriqlar, sahna chiqishlari hamda dolzarb mavzulardagi chiqishlar yoshlarning keng tafakkuri va yuksak tayyorgarligini namoyish etdi. Har bir jamoa g‘alaba uchun qat’iyat bilan kurash olib bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — Farg‘ona davlat universitetining “Sarbon” jamoasiga nasib etdi.
2-o‘rin — Qo‘qon davlat universitetining “Ko‘hinur” jamoasi qo‘lga kiritdi.
3-o‘rin — Farg‘ona davlat texnika universitetining “Qirguli” jamoasiga topshirildi.
G‘olib va sovrindor jamoalar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tanlov yakunlari yoshlarning nafaqat bilim, balki ma’naviy-axloqiy fazilatlari ham yuksak ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Hududiy bosqich g‘olibi bo‘lgan “Sarbon” jamoasi endilikda tanlovning mintaqaviy bosqichida ishtirok etadi. “Ma’rifat maydoni” — bu shunchaki tanlov emas, balki yoshlarning tafakkur maydoni, fikrlar bellashuvi va ma’naviy yuksalish sari muhim qadamdir.