
Farg‘ona davlat universitetiga nisbatan Facebook internet jahon axborot tarmog‘ida “Huquqshunos bloger (https://www.facebook.com/photo/?fbid=1525870938741615&set=a.143133273682062)” nomi ostida faoliyat yurituvchi Shermuhammad Dexqonov ismli shaxs tomonidan ijtimoiy tarmoqdagi blogida tarqatilgan xabar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Ijtimoiy tarmoqda “Farg‘ona davlat universiteti bir dona yetim bolani sig‘dira olmagani sabab o‘qishdan chetlatgani haqidagi qiziq murojaatni sizlarga ulashmoqdaman” sarlavhasi ostida tarqatilgan ma’lumotlar universitet tomonidan o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, fuqaro T.Orlov tomonidan differensial tenglamalar fanini o‘zlashtirilmagan. T.Orlovga fanni o‘zlashtirish uchun 4 marotaba imkoniyat berilgan. Biroq, berilgan imkoniyatlarga qaramasdan fan o‘zlashtirilmagan. Talaba tomonidan amaldagi tartibga muvofiq belgilangan muddatlarda o‘qishini tiklash masalasi yuzasidan murojaat qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan. Lekin, T.Orlov Farg‘ona davlat universiteti ma’muriyatiga biror marotaba murojaat qilmagan.
Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar o‘qishini tiklash elektron platforma orqali ariza yuborish asosida amalga oshiriladi. Mazkur tizim inson omilisiz ishlaydi hamda barcha murojaatlar belgilangan Nizom talablari asosida ko‘rib chiqiladi.
Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan xabarda bayon qilingan ma’lumotlar to‘liq o‘rganilmagan holda bir tomonlama xulosa chiqarilib, bayon etilganligi ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona davlat universiteti o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qonunlar hamda oliy ta’lim sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiradi.
Shu bilan birga, universitet jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qiladi hamda har bir murojaatni xolis va qonunchilik doirasida ko‘rib chiqadi.
Farg‘ona davlat universiteti ma’muriyati