

Yurtimizda sportni ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Talabalar ligasi” sport musobaqalari qizg‘in pallaga kirdi.
Basketbol turi bo‘yicha talaba-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan navbatdagi bosqichga Fargʻona davlat universiteti mezbonlik qilmoqda.
Musobaqalar universitetning pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakultetlari sport zalida yuqori saviyada tashkil etildi. Zamonaviy talablarga mos sport inshootida o‘tayotgan bellashuvlar nafaqat ishtirokchilar, balki muxlislar uchun ham haqiqiy sport bayramiga aylandi.
Mazkur bosqichda universitetning turli fakultetlaridan jami 10 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda. Har bir jamoa o‘zining jipsligi, tezkorligi va taktik mahoratini namoyish etishga intilmoqda.
Dastlabki o‘yinlardanoq maydonda keskin va murosasiz kurashlar guvohi bo‘lindi. Talaba-qizlar o‘zlarining texnik tayyorgarligi, tezkor kombinatsiyalari va aniq zarbalari bilan tomoshabinlar e’tiborini qozonmoqda.
Musobaqa nafaqat g‘oliblik uchun kurash, balki do‘stlik, hamjihatlik va sport madaniyatini targ‘ib etish maydoniga ham aylandi. Har bir uchrashuvda sport etikasi, o‘zaro hurmat va jamoaviy birdamlik yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
“Talabalar ligasi” doirasidagi ushbu musobaqa yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli sportchi-qizlarni saralab olish hamda ularni keyingi bosqichlarga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shubhasiz, bu kabi sport tadbirlari talaba-yoshlarning jismoniy va ma’naviy kamolotiga xizmat qiladi, universitet hayotiga esa yanada jo‘shqinlik bag‘ishlaydi.
Oldinda esa eng kuchlilarni aniqlash, final bahslari va munosib g‘oliblarni taqdirlash marosimi kutmoqda.