

Inson maʼnaviy olamini yuksaltirish, uning ong va tafakkurini teranlashtirishda teatr sanʼatining o‘rni beqiyosdir. Zero, sanʼat insonni ezgulikka chorlaydi, yaxshilikka undaydi, qalbning eng nozik va go‘zal tuyg‘ularini uyg‘otadi. Teatr shunchaki tomosha maskani emas – u tarbiya, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat o‘chog‘idir.
Bugungi globallashuv davrida yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, ularning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash dolzarb vazifalardan biridir. Bu borada teatr sanʼati yoshlarning irodasini chiniqtirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda zararli illatlarga qarshi kurashishda kuchli ta’sir vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish hamda unga qarshi kurashish oyligi doirasida Fargʻona davlat universiteti huzuridagi “Nilufar” teatr studiyasida talabalar tomonidan sahnalashtirilayotgan spektakllar aynan shu maqsadga qaratilgan.
Talaba-yoshlar tomonidan mahorat bilan ijro etilgan sahna asarlari orqali jamiyatda uchrayotgan zararli illatlar, ayniqsa giyohvandlikning ayanchli oqibatlari badiiy talqin etildi. Har bir asar tomoshabinni chuqur o‘yga toldirib, hayotning qadriga yetishga undaydi.


Sahnalashtirilgan asarlar:
Agrar qo‘shma fakultetining iqtidorli talabalari tomonidan tashkil etilgan “Talabalar teatr studiyasi” jamoasi – “XXI asr padarkushi” nomli sahna asari;
Harbiy ta’lim fakulteti talabalari ijrosida – “Hayotni o‘g‘irlagan zahar”;
Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari tomonidan “Niqob va haqiqat” teatr jamoasi ijrosida Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” asari;
Sport faoliyati fakulteti 1-bosqich talabalari tomonidan – “Xazon” nomli sahna ko‘rinishi.


Mazkur spektakllarda inson hayoti, ota-ona ishonchi, orzu-umidlar va porloq kelajakning birgina noto‘g‘ri qadam sabab barbod bo‘lishi mumkinligi ta’sirchan obrazlar orqali ochib berildi. Turli taqdirlar misolida giyohvandlikning nafaqat shaxs, balki butun oila va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri yoritildi.
Tomoshabinlar qalbiga chuqur ta’sir qilgan ushbu sahna asarlari yoshlarni hushyorlikka, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga va hayotning bebaho ne’mat ekanini anglashga da’vat etdi.
Bugun teatr yoshlar uchun nafaqat ijod maydoni, balki o‘zligini anglash, hayotiy saboq olish, xulosa chiqarish maktabiga aylanmoqda. Sahna orqali berilayotgan har bir g‘oya – bu yosh qalblarga yo‘l topayotgan ma’naviy nurdir.