

Amaliy mashg‘ulotlar harbiy ta’lim tizimining ajralmas qismi bo‘lib, nazariy bilimlarni mustahkamlash, real vaziyatlarga mos ko‘nikmalarni shakllantirish va jamoaviy harakatlarni uyg‘unlashtirishda muhim o‘rin tutadi. Aynan amaliy jarayon orqali talabalar murakkab vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, harbiy intizomga qat’iy rioya etish hamda jamoa bilan hamohang harakatlanish malakasini oshiradilar.
Fargʻona davlat universiteti Harbiy ta’lim fakulteti 2-bosqich talabalari ishtirokida taktika fanidan navbatdagi amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Mashg‘ulot umumqo‘shin tayyorgarlik sikli katta o‘qituvchisi, p.f.b.f.d. (PhD), dotsent Ibrohim Umarov rahbarligida olib borildi. Dars jarayonida talabalar tomonidan o‘zlashtirilgan nazariy bilimlar amaliy vazifalar orqali mustahkamlandi.
Amaliy mashg‘ulot jarayonida:
- Jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan sharoitda harakat qilish;
- Bo‘linma tarkibida jamoaviy muvofiqlikni ta’minlash;
- Tezkor va mustaqil qaror qabul qilish;
- Harbiy buyruqlarni aniq va o‘z vaqtida bajarish;
- Yetakchilik va mas’uliyat ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulot davomida talabalar shartli jangovar topshiriqlarni bajarish orqali taktik fikrlash, vaziyatni tez tahlil qilish va optimal harakat rejasini ishlab chiqish malakalarini namoyon etdilar. Har bir vazifa o‘zaro hamkorlik, intizom va jamoaviy birdamlik asosida amalga oshirildi.
Bunday mashg‘ulotlar bo‘lajak zahiradagi ofitserlarning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash, ularning ruhiy-psixologik barqarorligini oshirish hamda harbiy xizmatga mas’uliyatli yondashuvini shakllantirishga xizmat qiladi.
Harbiy ta’lim fakultetida nazariya va amaliyot uyg‘unligi asosida tashkil etilayotgan darslar talabalarning har tomonlama yetuk, fidoyi va Vatanga sadoqatli kadrlar bo‘lib kamol topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.