Ishonch telefoni:
(+99873) 244-44-15


Fargʻona davlat universiteti Tabiiy fanlar fakultetida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi M. Dexqonboyeva hamda tyutor G. Mirzayeva tashabbusi bilan “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ushbu uchrashuv milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ayolning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, yosh qizlarni komil inson etib tarbiyalash masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda Fargʻona shahar Buvijonlar maktabi raisi T. Abdujabborova, Oqila ayollar harakati rahbari Sh. Axunova hamda Mehrjon ayollar va bolalar markazi psixologi G. Tojimatovalar faxriy mehmon sifatida ishtirok etdilar. Mehmonlar o‘z ma’ruzalarida ayolning oiladagi mehr-muhabbat manbai, farzand tarbiyasidagi beqiyos o‘rni hamda jamiyat barqarorligidagi muhim rolini atroflicha yoritib berdilar.

Ma’ruzachilar, ayniqsa, yosh qizlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy-axloqiy immunitetini mustahkamlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, ayollarning ruhiy salomatligi, oiladagi sog‘lom muhit va o‘zaro hurmat tamoyillari jamiyat farovonligining poydevori ekani qayd etildi.
Tadbir davomida ochiq muloqot tashkil etilib, talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildilar. Hayotiy misollar, ibratli voqealar va psixologik tavsiyalar uchrashuvga alohida mazmun bag‘ishladi. Ishtirokchilar ayol baxti — bu nafaqat shaxsiy masala, balki butun jamiyat taraqqiyotiga daxldor muhim omil ekanini chuqur his etdilar.
Mazkur tadbir milliy an’analarni davom ettirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda yoshlar ongida oilaparvarlik, vatanparvarlik va yuksak ma’naviyat tuyg‘ularini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...