Ishonch telefoni:
(+99873) 244-44-15

FarDU futbol klubida korrupsiyaga qarshi kurashish, sport sohasida halollik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlashga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Navoiy viloyatining Qizilqum klubida aniqlangan korrupsion holat yuzasidan berilgan rasmiy ma’lumotlardan so‘ng tashkil etildi.
Davra suhbatida jamoa bosh murabbiyi, murabbiylar shtabi a’zolari, klub xodimlari hamda futbolchilar ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida sportda korrupsiyaning ko‘rinishlari, uning jamoa obro‘siga, musobaqalar natijasiga va muxlislar ishonchiga salbiy ta’siri haqida atroflicha fikr yuritildi.
Ta’kidlanganidek, korrupsiya nafaqat jamiyat taraqqiyotiga, balki sportning adolat, raqobat va halollik kabi asosiy qadriyatlariga ham jiddiy putur yetkazadi. Shuning uchun har bir sportchi va murabbiy professional etikaga qat’iy rioya qilishi, har qanday noqonuniy taklif va shubhali holatlarga nisbatan murosasiz pozitsiyada bo‘lishi zarur.
Tadbir ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Futbolchilarga sport faoliyati davomida uchrashi mumkin bo‘lgan turli xavf-xatarlar, xususan, kelishilgan o‘yinlar, noqonuniy manfaatlar va boshqa korrupsion holatlar haqida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yosh sportchilarda mas’uliyat hissini oshirish, klub sha’nini himoya qilish hamda sog‘lom sport muhitini yaratish har bir jamoa a’zosining burchi ekani alohida qayd etildi.
Davra suhbati yakunida “FarDU” futbol klubi jamoasi sportda halollik va adolat tamoyillariga sodiq qolishini, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash olib borishini bildirdi. Mazkur tadbir klubda sog‘lom va shaffof muhitni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...