

Muhtaram yurtboshimiz — Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinishi mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur tashabbus zamirida yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish hamda islohotlar jarayoniga keng jalb etish g‘oyasi mujassam.
Shu munosabat bilan Farg‘ona davlat universiteti Filologiya fakultetida mazmunli va ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati — Manzura Salimova yoshlar bilan islohotlar yuzasidan suhbat olib bordi.
Uchrashuv davomida deputat tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, yoshlar bandligini ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi yangiliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida yoshlarning fikri, tashabbusi va faolligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, Prezidentimiz yoshlar haqida shunday degan edilar:


“Yoshlar — Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari. Ularning bilim va salohiyati, qat’iyati va fidoyiligi — taraqqiyotimizning eng katta kuchidir.”
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ayniqsa, filologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun ilmiy izlanishlar, xorijiy tajriba almashinuvi va bandlik masalalari muhim mavzu bo‘ldi. Deputat tomonidan har bir savolga batafsil va asosli javoblar berildi.
Yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar alohida qayd etilib, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Bu esa uchrashuvning nafaqat muloqot, balki amaliy ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatdi.
Bugun mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar — zamonaviy ta’lim muassasalari, grantlar, startap loyihalar, imtiyozli kreditlar va xalqaro dasturlar — ularning kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qilmoqda.
“Yoshlar kuni” doirasidagi bunday uchrashuvlar esa yoshlarda ijtimoiy faollikni kuchaytirish, huquqiy ong va siyosiy madaniyatni oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yoshlar o‘z ovozi eshitilayotganini, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotganini his etadilar.
Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti — bilimli, fidoyi va vatanparvar yoshlar qo‘lidadir. Payshanba — “Yoshlar kuni” esa ana shu ezgu maqsadlar sari dadil qadamdir.