Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 501
  • Ko`rib chiqilganlar 467
    • Takliflar 60
    • Arizalar 392
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

FARG‘ONA DAVLAT UNIVERSITETI OLIMLARINING XALQARO ILMIY MAYDONDAGI YANGI YUTUG‘I

15:24, 04.03.2026      

Farg‘ona davlat universiteti ilmiy jamoasi yana bir muhim yutuqqa erishdi. Universitetning Tabiiy fanlar fakulteti, Botanika va biotexnologiya kafedrasi olimlari tomonidan O‘zbekiston florasi uchun yangi hisoblangan Physochlaina orientalis hamda Physochlaina praealta turlariga oid DNK ketma-ketliklari nufuzli xalqaro ma’lumotlar bazasi — NCBI GenBank ga muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Bu natija nafaqat universitet, balki O‘zbekiston ilm-fani uchun ham muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Mazkur ilmiy izlanishlar davomida o‘simliklarning muhim genetik markerlari — rbcL, ndhF, atpB genlari hamda bir qator plastid hududlari zamonaviy molekulyar-biologik usullar asosida sekvensiyalandi. Olingan DNK ketma-ketliklari xalqaro ilmiy hamjamiyat uchun ochiq e’lon qilinib, global ilmiy ma’lumotlar aylanishiga kiritildi.

Bu esa:

- O‘zbekiston florasining genetik bazasini boyitadi

- Markaziy Osiyo o‘simliklarining filogenetik tadqiqotlari uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi

- Noyob va kam o‘rganilgan turlarni xalqaro ilmiy muomalaga olib chiqadi

- Molekulyar biologiya va filogenetik izlanishlarda yangi bosqich

Mazkur yutuq universitetda molekulyar-biologik hamda filogenetik tadqiqotlar zamonaviy xalqaro talablarga mos ravishda olib borilayotganini yaqqol namoyon etadi. DNK sekvensiyalash, bioinformatik tahlil va filogenetik daraxtlar tuzish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ilmiy salohiyatning yuqori darajada ekanini tasdiqlaydi.

Shuningdek, ushbu natijalar:

- Scopus bazasida indekslanadigan jurnallarda maqolalar chop etish

- Q1 darajadagi nufuzli xalqaro ilmiy nashrlarga chiqish

- Xalqaro grant va hamkorlik loyihalarini kengaytirish uchun mustahkam ilmiy asos yaratadi.

Physochlaina turkumiga mansub mazkur turlar bo‘yicha genetik ma’lumotlarning xalqaro bazaga kiritilishi respublika florasining molekulyar darajadagi o‘rganilishida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu esa kelgusida bioxilma-xillikni saqlash, evolyutsion jarayonlarni aniqlash va o‘simliklarning genetik resurslarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farg‘ona davlat universiteti olimlarining mazkur yutug‘i mamlakatimiz ilm-fanining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy izlanishlar olib borish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish va global ilmiy hamjamiyat bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.