

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar mamlakatimizda yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqdi. Ilgari surilgan tashabbuslar, avvalo, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim olishi, innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishi hamda o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona davlat universitetida aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Unda ta’lim sifatini oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash, sport va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Bugun universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov mas’ul prorektorlar bilan birgalikda Jismoniy madaniyat va sport faoliyati fakultetida bo‘lib, talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida talabalarning ta’lim jarayoni, sport infratuzilmasi, amaliy mashg‘ulotlar sifati hamda kelgusidagi rejalari yuzasidan fikr va takliflari tinglandi.
Talabalar tomonidan:
-sport inshootlarini yanada zamonaviylashtirish
-amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish
-nufuzli musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish
-xalqaro hamkorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.

Rektor o‘z so‘zida jismoniy madaniyat va sport yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar nafaqat professional mutaxassis, balki sog‘lom turmush tarzining targ‘ibotchisi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Fakultetda mavjud sport zallari, mashg‘ulot maydonlari va o‘quv-uslubiy bazadan samarali foydalanish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Shuningdek, talabalarni ilmiy izlanishlarga jalb etish, sport pedagogikasi va metodikasi bo‘yicha innovatsion tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.
Bunday uchrashuvlar yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, muammolarni joyida o‘rganish va tezkor hal etish imkonini beradi. Eng muhimi, talabalar o‘z fikrini erkin bildirishi, takliflari rahbariyat tomonidan inobatga olinishi yoshlar siyosatining amaliy ifodasidir.