
Farg‘ona davlat universitetida talaba-yoshlar uchun munosib yashash, ta’lim olish va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash masalasi doimiy e’tiborda. Xususan, universitetning 5- va 6-sonli talabalar turar joylarida mavjud imkoniyatlarni o‘rganish hamda qulayliklarni yanada kuchaytirish maqsadida navbatdagi nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur jarayon universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligida tashkil etilib, mas’ul prorektorlar va tegishli bo‘lim rahbarlari ishtirokida amalga oshirildi.
Tashrif davomida:
Talabalar bilan bevosita suhbatlashilib, ularning yashash sharoitlari, mavjud muammolar hamda takliflari tinglandi. Bildirilgan fikrlar asosida muayyan kamchiliklarni bartaraf etish va infratuzilmani yanada yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Rektor tomonidan talabalar turar joylarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish, videokuzatuv tizimlarini takomillashtirish, yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, TTJlarda internet tezligini oshirish, dam olish va sport burchaklarini yanada boyitish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli yo‘lga qo‘yish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Talabalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish — ularning sifatli ta’lim olishi va yuqori natijalarga erishishida muhim omil ekani qayd etildi.
Universitet rahbariyati tomonidan talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlarni muntazam monitoring qilib borish, aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish hamda yoshlarning takliflarini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Farg‘ona davlat universitetida talaba-yoshlarning nafaqat ta’lim olishi, balki munosib yashashi, sog‘lom va xavfsiz muhitda kamol topishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
Zero, talaba manfaatiga xizmat qilgan har bir islohot — kelajakka qilingan investitsiyadir.