

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu tashabbuslarning bosh maqsadi — yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim olishi va innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratishdan iborat.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona davlat universitetida aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unda ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, yoshlarning bandligini ta’minlash hamda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Bugun universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov mas’ul prorektorlar hamrohligida Fizika-matematika fakultetida bo‘lib, talabalar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, mavjud sharoitlar, ta’lim jarayonidagi taklif va tashabbuslari bilan o‘rtoqlashdilar.
Rektor tomonidan:
-o‘quv-laboratoriya xonalaridagi zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish;
-amaliy mashg‘ulotlar sifatini oshirish;
-ilmiy to‘garaklar faoliyatini kengaytirish;
-startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.


Muloqot davomida ta’lim va tarbiya jarayonlarini yanada takomillashtirish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash masalalariga alohida urg‘u berildi. Ayniqsa, fizika va matematika yo‘nalishlarida zamonaviy ilmiy yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va laboratoriya tajribalarini keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Talabalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida:
-infratuzilmani yanada yaxshilash;
-ilmiy tadqiqotlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;
-iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
Bunday uchrashuvlar yoshlar siyosatining amaliy ifodasi bo‘lib, rahbariyat va talabalar o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlaydi. Eng muhimi, yoshlarning fikri eshitilmoqda, ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda va muammolar joyida hal etilmoqda.
Farg‘ona davlat universitetida olib borilayotgan tizimli ishlar yoshlarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish hamda kelajakda raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlashga xizmat qilmoqda.