Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 502
  • Ko`rib chiqilganlar 468
    • Takliflar 61
    • Arizalar 392
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

REKTOR VA YOSHLAR MULOQOTI: TALABALAR TASHABBUSI — ISLOHOTLAR ASOSI

16:15, 12.03.2026      

Farg‘ona davlat universitetida yoshlar siyosatini izchil amalga oshirish, talaba-yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ular bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish muhim an’anaga aylangan. Universitet rahbariyati tomonidan muntazam tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlar yoshlarning fikrini tinglash, ularning taklif va g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.

Shu munosabat bilan universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov mas’ul prorektorlar hamrohligida tarix hamda huquqshunoslik fakultetlarida bo‘lib, talaba-yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.

Tarix fakulteti talabalari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda milliy uyg‘onish davrining buyuk namoyandalari — jadid ma’rifatparvarlarining ilm-fan, ma’rifat va taraqqiyot yo‘lida qilgan xizmatlari haqida fikr almashildi.

Rektor jadid bobolarimizning xalqni ilm-ma’rifat orqali taraqqiyot sari yetaklashga qaratilgan g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini ta’kidlab, yoshlarni tarixiy merosni chuqur o‘rganishga, undan saboq olishga hamda milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga chaqirdi.

Huquqshunoslik fakulteti talabalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy mas’uliyati, qonun ustuvorligini ta’minlashdagi o‘rni hamda adolat tamoyillariga sodiq bo‘lish zarurligi haqida so‘z yuritildi.

Rektor bo‘lajak huquqshunoslarga kasb sirlarini puxta egallash, zamonaviy huquqiy bilimlarni chuqur o‘rganish hamda faoliyatda “Inson qadri uchun” tamoyiliga amal qilish muhim ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarni adolatli, halol va mas’uliyatli mutaxassis bo‘lib yetishishga undadi.

Uchrashuv davomida turizm yo‘nalishi talabalari tomonidan ichki turizmni rivojlantirish, tarixiy maskanlarni targ‘ib qilish hamda hududlarning turistik salohiyatini keng jamoatchilikka tanitish bo‘yicha bir qator taklif va tashabbuslar bildirildi.

Talabalarning ushbu g‘oyalari universitet rektori tomonidan ijobiy baholanib, ularni amaliyotga joriy etish masalasi qo‘llab-quvvatlandi. Endilikda talabalar nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan uzviy bog‘lash, turizm loyihalarida faol ishtirok etish hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirish uchun yanada keng imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.

Mazkur uchrashuv talaba-yoshlar bilan ochiq muloqotning yana bir muhim bosqichi bo‘lib, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish hamda kelajak rejalarini muhokama qilish uchun samarali platforma vazifasini bajardi.

Farg‘ona davlat universitetida yoshlar bilan olib borilayotgan bunday uchrashuvlar talaba-yoshlarning ilmiy, intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilib, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.