

Farg‘ona davlat universitetida muborak Ramazon oyi munosabati bilan talaba-yoshlar uchun ma’naviy-ma’rifiy ruhda o‘tgan iftorlik tadbiri tashkil etildi. Universitetning 11-talabalar turar joyida yozilgan fayzli dasturxon va doshqozonlarda damlangan milliy osh tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Ramazon oyi inson qalbini poklaydigan, mehr-sahovat, bag‘rikenglik va hamjihatlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydigan muborak davr sifatida talabalarga chuqur mazmun bilan eslatib o‘tildi. Tadbir davomida yoshlar bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, samimiy suhbatlar qurishdi, o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashning ahamiyati haqida fikr almashishdi.
Iftorlik dasturxoni nafaqat ro‘za ochish, balki talabalarning o‘zaro mehr-oqibatini kuchaytirish, jamoaviylik ruhini oshirish va bir-biriga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kabi insoniy fazilatlarni targ‘ib etishga xizmat qildi. Tadbirda talabalar Ramazon oyining ma’naviy qadriyatlari, sabr-qanoat va saxovat tushunchalarining hayotimizdagi o‘rni haqida ham o‘z mulohazalarini bildirishdi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy an’analarni asrab-avaylash hamda talabalik muhitida sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Shu kabi ezgu tashabbuslar talaba-yoshlarni yanada jipslashtirib, ularni kelajak sari dadil qadam tashlashga ruhlantiradi.
Ramazon oyining fayzi va barakasi bilan o‘tgan ushbu iftorlik kechasi talabalar xotirasida iliq taassurotlar qoldirdi.