

Farg‘ona vodiysiga bahor nafasi kirib kelishi bilan yurtimizda eng qadimiy va sevimli bayramlardan biri — Navro‘z umumxalq sayli sifatida keng nishonlanmoqda. Ayniqsa, Farg‘ona davlat universitetida bu bayram o‘zgacha shukuh, ko‘tarinki ruh va milliy qadriyatlar bilan uyg‘un holda davom etmoqda.
Universitetda “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir” shiori ostida tashkil etilgan tadbirlar nafaqat bayramona kayfiyatni, balki inson qadri, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi ezgu g‘oyalarni ham tarannum etmoqda. Oliy ta’lim maskanining barcha fakultetlarida — Ingliz tili va adabiyoti, Chet tillari, Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik, shuningdek, Tarix va huquqshunoslik yo‘nalishlarida bayram dasturlari yuksak saviyada tashkil etildi.
Bayram tadbirlarining eng yorqin jihatlaridan biri — talabalar tomonidan tayyorlangan milliy taomlar ko‘rgazmasi bo‘ldi. Har bir taom o‘ziga xos tarix, an’ana va ma’naviy mazmunni o‘zida mujassam etgan holda taqdim qilindi. Talabalar nafaqat taomlarni namoyish etdilar, balki ularning kelib chiqishi, tayyorlanish jarayoni va xalqimiz hayotidagi o‘rni haqida ham batafsil ma’lumot berdilar. Bu esa tadbirni yanada mazmunli va qiziqarli qildi.
Shuningdek, turli tanlovlar, ijodiy chiqishlar va ko‘rgazmalar orqali talabalar o‘z iste’dodlarini keng namoyon etdilar. Ayniqsa, xalq og‘zaki ijodi namunalari, milliy kuy-qo‘shiqlar, sane ko‘rinishlari bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Har bir chiqishda milliy ruh, ajdodlar merosi va zamonaviy yoshlarning ijodiy yondashuvi uyg‘unlashib ketgani yaqqol sezildi.
Talabalar tomonidan sahnalashtirilgan chiqishlar orqali “inson qadri eng oliy ne’mat” ekani chuqur badiiy ifoda etildi. Bu esa Navro‘z bayramining asl mohiyati — yangilanish, mehr-oqibat, insonni ulug‘lash g‘oyalarini yana bir bor yodga soldi.
Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar nafaqat bayramni nishonlash, balki yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va jamoaviylik tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Navro‘z — bu shunchaki bayram emas. U inson qalbini poklaydigan, mehr-oqibatni kuchaytiradigan va jamiyatni birlashtiradigan ulug‘ qadriyatdir. Uni ulug‘lash esa, albatta, insonni ulug‘lashdir.