
Farg‘ona davlat universitetida navbatdagi 8-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilish universitet hayotidagi muhim voqealarga boyligi, erishilgan yutuqlar sarhisobi hamda istiqboldagi vazifalarning muhokamasi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Kengashning taqdirlash qismi alohida ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ilmiy unvon va darajalarga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar Kengash a’zolari tomonidan e’tirof etilib, ularning ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan hissasi yuksak baholandi. Kengash raisi Bahodirjon Shermuhammadov ilmiy yutuqlarga erishgan tadqiqotchilarni samimiy tabriklab, ularga kelgusi faoliyatlarida ham ulkan zafarlar tiladi. Ushbu e’tirof ustozlarning fidokorona mehnati va ilmiy salohiyatining yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Shuningdek, 2025/2026-o‘quv yilida 19 nafar iqtidorli talaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda nomli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Ular Kengash yig‘ilishida tantanali ravishda taqdirlanib, yoshlarimizning ilmiy-intellektual salohiyati yana bir bor e’tirof etildi.
Yig‘ilishda xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan yutuqlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Xususan, Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon” do‘stlik forumi doirasidagi xalqaro konferensiya yakunlariga ko‘ra, universitetning Filologiya fakulteti professori Hikmatillo Do‘smatov “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mazkur mukofot ustozning ilm-fan va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan munosib hissasining yuksak e’tirofi sifatida baholandi. Kengash raisi tomonidan ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirilib, samimiy tabriklar bildirildi.

Kengash kun tartibida qator muhim masalalar ham muhokama qilindi. Jumladan, yo‘riqnoma hujjatlar ijrosi, 2025–2026 o‘quv yilining birinchi yarim yillik yakunlari, kafedralarda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda “Ustoz-shogird” tizimining samaradorligi tahlil qilindi.
Bundan tashqari, universitet reytingini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurash, ilmiy etika masalalari, ijodiy ta’til, stipendiyalar, dissertatsiya mavzulari, ilmiy unvonlar berish hamda ilmiy ishlarni nashrga tavsiya etish kabi dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur yig‘ilish universitet jamoasining ilm-fan, ta’lim va tarbiya yo‘nalishlaridagi izchil harakatlarini yana-da mustahkamlash, yangi marralarni belgilashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.