Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 506
  • Ko`rib chiqilganlar 472
    • Takliflar 61
    • Arizalar 395
    • Shikoyatlar 50
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

FAFARDUDA XALQARO AKKREDITATSIYA JARAYONLARI: ASIIN EKSPERTLARI PEDAGOGIKA VA SAN’ATSHUNOSLIK FAKULTETIDA

12:09, 10.04.2026      

Farg‘ona davlat universitetida Germaniyaning nufuzli ASIIN xalqaro akkreditatsiya agentligi ekspertlari ishtirokida xalqaro akkreditatsiya jarayonlari izchil davom etmoqda. Navbatdagi o‘rganishlar universitetning pedagogika va san’atshunoslik fakultetida tashkil etildi.

Germaniyalik mehmonlar universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi rahbariyat tomonidan o‘zbekona an’analarga xos tarzda non-tuz bilan samimiy kutib olindi. Ushbu tantanali marosim davomida san’atshunoslik yo‘nalishi talabalari ijrosida o‘zbek va nemis milliy kuy-qo‘shiqlari yangrab, mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.

Tashrif davomida ekspertlar fakultet faoliyati bilan yaqindan tanishib, qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha tahlillar olib bordilar. Jumladan, universitetning rivojlanish strategiyasi va xalqarolashtirish rejalari, ta’lim dasturlarining zamonaviyligi hamda sifat nazorati tizimi, moddiy-texnik baza va kadrlar salohiyati, shuningdek, mahalliy va xalqaro hamkorlik aloqalarining samaradorligi muhokama markazida bo‘ldi.

Ekspertlar pedagogika va san’atshunoslik fakultetining ilmiy va pedagogik salohiyatini yuqori baholab, uning kelgusidagi rivojlanish istiqbollari ijobiy ekanini alohida ta’kidladilar.

Shuningdek, tashrif doirasida xalqaro ekspertlar universitetning keng qamrovli faoliyatini ham baholadilar. Xususan, zamonaviy kovorking markazlari va muvaffaqiyatli amalga oshirilgan ilmiy-ijtimoiy loyihalar orqali yaratilgan qulay ilmiy muhit e’tirof etildi. Ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, ish beruvchi tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik, dual ta’lim tizimi asosida tashkil etilgan malakaviy amaliyotlar ham yuqori bahoga sazovor bo‘ldi.

Bundan tashqari, talabalar tomonidan bajarilayotgan bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarining bevosita korxona va muassasalarda olib borilayotgani amaliy ta’limning muhim yutug‘i sifatida qayd etildi.

Muloqotlar davomida tanlov fanlari mazmunini takomillashtirish, o‘quv dasturlarini zamon talablariga moslashtirish va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi.

Umuman olganda, ASIIN ekspertlarining ushbu tashrifi Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro standartlarga mos tizimni shakllantirish hamda global akademik maydonda raqobatbardoshlikni oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.