Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 517
  • Ko`rib chiqilganlar 482
    • Takliflar 62
    • Arizalar 403
    • Shikoyatlar 52
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

FARDU TALABASI OSIYO CHEMPIONI

16:27, 10.04.2026      

Farg‘ona davlat universiteti sport faoliyati fakulteti talabasi Abdulloh Madaminov xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, boks bo‘yicha Osiyo chempioni degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi. Ushbu ulkan yutuq nafaqat universitet, balki butun mamlakatimiz sport jamoatchiligi uchun quvonchli voqea bo‘ldi.

Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatining final jangida, 65 kg vazn toifasida Abdulloh Madaminov Tailandlik kuchli raqib Bunjong Sinsiri ga qarshi ringga chiqdi. Murosasiz va keskin kechgan bahs davomida u yuqori texnika, tezkorlik va mustahkam iroda namoyish etib, raqibini mutloq ustunlik bilan mag‘lub etdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa davomida sportchining har bir jangi professional darajada tashkil etilgan kombinatsiyalar, puxta tayyorgarlik va strategik yondashuv bilan ajralib turdi. Final bahsida esa u o‘zining haqiqiy salohiyatini to‘liq namoyon etib, chempionlikka munosib ekanini yana bir bor isbotladi.

Mazkur g‘alaba nafaqat Abdulloh Madaminovning shaxsiy muvaffaqiyati, balki Farg‘ona davlat universitetida sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijasidir. Universitetda yaratilgan zamonaviy sport infratuzilmasi, malakali murabbiylar jamoasi hamda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor sportchilarning xalqaro arenada yuksak natijalarga erishishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Abdulloh Madaminovning ushbu tarixiy g‘alabasi yoshlar uchun kuchli motivatsiya manbai bo‘lib, ularni sport bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzini tanlash va katta marralarni zabt etishga undaydi. Uning muvaffaqiyati o‘zbek sportining xalqaro maydondagi nufuzini yana-da mustahkamlab, Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tardi.

Shubhasiz, bunday yutuqlar FarDU yoshlari uchun ilhom manbai bo‘lib, kelgusida yanada ko‘plab chempionlar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.