
Farg‘ona davlat universiteti sport faoliyati fakulteti talabasi Muhammadsoli Abdulvohidov karate bo‘yicha xalqaro maydonda yuksak natijaga erishib, yana bir bor universitet va yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan nufuzli Karate WKF xalqaro turnirida u barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. Musobaqa davomida sportchi yuqori darajadagi texnika, tezkorlik va jangovar ruh namoyish etib, hakamlar va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur g‘alaba nafaqat Muhammadsoli Abdulvohidovning shaxsiy muvaffaqiyati, balki Farg‘ona davlat universitetida sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijasidir. Universitetda yaratilgan zamonaviy sport infratuzilmasi, malakali murabbiylar va yoshlarga berilayotgan e’tibor sportchilarning xalqaro arenada munosib natijalarga erishishiga xizmat qilmoqda.
Ushbu yutuq yoshlar uchun katta ilhom manbai bo‘lib, ularni sog‘lom turmush tarziga amal qilish, sport bilan muntazam shug‘ullanish va yuksak marralarni zabt etishga undaydi. Muhammadsoli Abdulvohidovning g‘alabasi esa o‘zbek sportining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi.