

Milliy liboslarimiz xalqimizning boy tarixi, qadriyatlari hamda asrlar davomida shakllangan an’ana va urf-odatlarining yorqin ifodasidir. Atlas, adras va beqasam singari nafis matolardan tikilgan o‘zbekona kiyimlar o‘zining betakrorligi, rang-barangligi va nozik did bilan yaratilgani bilan ajralib turadi. Ular nafaqat estetik go‘zallikni, balki milliy o‘zlikni ham o‘zida mujassam etgan bebaho meros hisoblanadi.
Farg‘ona davlat universitetida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularni yoshlar ongiga singdirish masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’tiborda. Universitetda talaba-yoshlar o‘rtasida milliy liboslar madaniyatini keng targ‘ib qilish, o‘zbekona kiyinish uslubini ommalashtirish hamda milliy an’analarni zamonaviy ruh bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan turli tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.


Ayniqsa, milliy liboslar namoyishlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ijodiy tanlovlar va maxsus aksiyalar orqali yoshlar orasida milliy kiyimlarga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Talabalar atlas va adras liboslarda universitet hayotida faol ishtirok etib, milliy qadriyatlarimizni amalda namoyon etmoqdalar.

Bunday tashabbuslar nafaqat o‘zbek milliy liboslarining jozibasini keng targ‘ib etadi, balki yosh avlodda milliy g‘urur, o‘z tarixiga hurmat va an’analarga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, milliy liboslarimizni zamonaviy dizaynlar bilan uyg‘unlashtirish orqali ularni kundalik hayotga tatbiq etish imkoniyatlari ham kengaymoqda.
FarDUda amalga oshirilayotgan bu kabi ma’rifiy ishlar milliy merosimizni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish va global madaniy makonda munosib namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.